Myunxenning «Bavariya» klubi Entoni Gordon bilan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, «Bornmut»ning 19 yoshli hujumchisi Eli Junior Krupiga e’tiborini qaratdi. Bu haqda «Goal» portali xabar bermoqda.
Nemis klubi jahon futboli afsonasi Tyerri Anri tomonidan yuqori baholangan yosh fransiyalik iqtidor sohibini yaqindan kuzatmoqda.
Fransiya yoshlar terma jamoasiga murabbiylik qilgan davrida Anri o‘sha paytda 16 yoshda bo‘lgan Krupini jamoaga chaqirishni rejalashtirgan edi. Anri bu borada shunday degandi: «Bunday iste’dod va qat’iyatga ega o‘yinchini ko‘rganimda, uning necha yoshda ekani men uchun muhim emas».
Manbaga ko‘ra, Krupining transferi «Bavariya»ga 80 million yevroga tushishi mumkin. Bir nechta pozisiyada o‘ynay oladigan futbolchi o‘tgan mavsumda 33 ta o‘yinda 13 ta gol urib, APLda o‘zini ko‘rsatishga ulgurdi.
Avvalroq u Fransiyaning «Loryan» klubiga 22 ta gol urish orqali yuqori divizionga qaytishga yordam bergan edi. «Bavariya» Luis Dias bilan raqobatni kuchaytirish va Xarri Keynga o‘rinbosar bo‘la oladigan universal hujumkor o‘yinchi qidirmoqda. Muzokaralar yaqin vaqt ichida faollashishi mumkin. Ushbu futbolchi uchun «Manchester Siti», «Arsenal» va «Barselona» klublari ham kurash olib bormoqda.













