«PSJ» himoyachisi Markinyos Chempionlar Ligasi finali oldidan matbuot vakillari bilan suhbatlashdi. Londonning «Arsenal» klubiga qarshi o‘yin 30 may oqshomida Budapeshtda bo‘lib o‘tadi.
«Har doim motivasiyaga ega bo‘lish muhim. Bu yil biz buni yana bir bor isbotladik. Bular — eng muhim pallalar. Qachonki g‘olib chiqsangiz, qachonki muvaffaqiyat ta’mini his qilsangiz — sizda buni yana takrorlash uchun ulkan istak paydo bo‘ladi. Biz g‘alabaga chanqoq bo‘lishimiz kerak», — dedi o‘yinchi matbuot anjumanida.
«Tayyorgarlik jarayonidagi hissiyotlar, agar buni avval boshdan kechirgan bo‘lsangiz ham, o‘zgarmaydi. Bu o‘ziga xos qiyinchiliklarga ega bo‘lgan eng og‘ir o‘yinlardir. Biz buni qanday yengamiz va bosim masalasini qanday hal qilamiz? Hech narsa o‘zgarmadi, biz avval qanday ishlagan bo‘lsak, hozir ham xuddi shunday ishlamoqdamiz», — deb ta’kidladi Markinyos.
Eslatib o‘tamiz, «PSJ» o‘z tarixida uchinchi, ketma-ket esa ikkinchi marta finalda ishtirok etadi. O‘tgan yilgi final «Inter» ustidan 5:0 hisobidagi yirik g‘alaba bilan yakunlangan edi.













