Bugun «Arsenal» va «PSJ» Chempionlar ligasi finalida to‘qnash keladi. «Kanonirlar» uchun bu 20 yil ichidagi ilk final: 2006 yilda londonliklar Arsen Venger boshchiligida «Barselona»ga imkoniyatni boy berishgandi (1:2).
OAV vakillari «Arsenal»ning amaldagi bosh murabbiyi Mikel Artetadan bo‘lajak final oldidan afsonaviy fransuz murabbiyi u bilan bog‘langani yoki yo‘qligi haqida so‘rashdi.
«Yo‘q, u men bilan bevosita bog‘lanmadi. Arsen qanday inson ekanini yaxshi bilasiz. U xalaqit berishni istamaydi, lekin hozir barchamiz nimani his qilayotganimizni bilaman. Men ko‘plab sobiq futbolchilar bilan gaplashdim – ular ham bizni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Klubimiz avval hech kimga nasib etmagan yutuqqa erishish imkoniyatiga ega», — dedi Arteta matbuot anjumanida.













