Londonning «Arsenal» klubi sobiq bosh murabbiyi Arsen Venger Chempionlar ligasi finalidan oldin o‘z fikrlarini bildirdi. Final uchrashuvi bugun, 30 may kuni Budapeshtdagi (Vengriya) «Pushkash Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi.
«Men ushbu kubokning «Emireyts» stadioniga yo‘l olishini xohlayman, chunki u yerda bu sovrin yetishmayapti. Biz ilgari unga juda yaqin kelgandik (2006 yilgi final nazarda tutilmoqda), g‘alabaga 13 daqiqa qolgandi. Shu sababli bu safar ushbu maqsad amalga oshishini istayman.
Finalda imkoniyatlar 50 ga 50, lekin agar tavakkal qilib pul tikishim kerak bo‘lsa, «PSJ»ga qaraganda ko‘proq «Arsenal»ga tikkan bo‘lardim.
Finalda eng muhimi — jamoa hayajonga berilmay, o‘z o‘yinini ko‘rsatishi va bor e’tiborini yaxshi uddalaydigan jihatlariga qaratishidir. Ushbu «Arsenal»ning asosiy kuchi — darvozasi daxlsizligini saqlay olishida, finalda esa bu juda muhim.
Shuningdek, vaziyatlardan unumli foydalanish zarur. O‘yin davomida imkoniyat albatta bo‘ladi va undan shafqatsizlarcha foydalanish kerak. «PSJ» juda ulkan hujum salohiyatiga ega, biroq «Arsenal»da ham individual mahorat va standart vaziyatlarda juda kuchli o‘yin bor, bu finalda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Agar hisobda 1:0 oldinga chiqib olsangiz, mustahkam himoyangiz tufayli hamma narsa sizning foydangizga ishlay boshlaydi», — deya Vengerning so‘zlarini keltiradi «Arsenal» rasmiy sayti.













