Afsonaviy futbolchi Rio Ferdinand Chempionlar ligasi finalida «Arsenal» va «PSJ» o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan to‘qnashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Veteran himoyachi parijliklar futbol o‘ynashda ustunroq ekanini tan olsa-da, londonliklar standart vaziyatlarda xavfliroq bo‘lishini ta’kidladi.
«PSJ» — 100 foiz eng yaxshi jamoa. Ular hozirda kuchli tarkibga ega, texnik jihatdan yuqoriroq futbol namoyish etishmoqda va ularning o‘yin uslubi mukammalroq. Ular ayni damda sayyoradagi eng yaxshi jamoa va ularning murabbiyi [Luis Enrike] hozirgi paytda eng zo‘ri», — dedi Ferdinand Rio Presents yutub-kanalida.
Shu bilan birga, Rio parijliklarning standart vaziyatlardagi zaif tomonlariga e’tibor qaratdi: «Ammo ular standart vaziyatlarda ishonchsiz ko‘rinishmoqda. Hatto standart vaziyatlarda kuchli bo‘lmagan «Bavariya» ham ularni qiyin ahvolga solib qo‘ydi, buni joriy mavsumda ko‘p bora kuzatdim».
«Arsenal» esa standart vaziyatlar bo‘yicha Premyer-ligadagi eng yaxshi jamoa hisoblanadi. Agar ular burchak to‘plari, jarima zarbalari va autlardan unumli foydalana olishsa, «PSJ» uchun chinakam «qirg‘in» uyushtirishadi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, «Arsenal» va «PSJ» o‘rtasidagi final 30 may kuni bo‘lib o‘tadi. 2024/2025 yilgi mavsumda Luis Enrike shogirdlari finalda «Inter»ni 5:0 hisobida mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.













