Angliya Premyer-ligasida 2025/26 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, futbol ishqibozlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasida yilning rasmiy ramziy terma jamoasi (Fan Team of the Season) e’lon qilindi.
Bu yilgi ramziy tarkibda Londonning “Arsenal” klubi mutlaq ustunlikka ega bo‘ldi. “To‘pchilar” safidan naq besh nafar futbolchi — darvozabon David Rayya, himoyachilar Yurriyen Timber, Vilyam Saliba, Gabriel Magalyaes hamda yarim himoyachi Deklan Rays yil jamoasidan joy oldi.
Mavsumning yana bir grandi “Manchester Siti” esa uch nafar vakili bilan kuchli uchlikni band etdi. Ular orasida chempionat doirasida raqiblar darvozasiga 27 ta to‘p kiritib, faoliyatidagi uchinchi “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritgan Erling Holand yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, “shaharliklar”dan APLda mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan Niko O'Rayli va yilning eng muvaffaqiyatli transferlari qatoridan joy olgan Antuan Semenyo ham ramziy tarkibga kiritildi.
Mavsumni yuqori notada o‘tkazgan “Manchester Yunayted” sardori Brunu Fernandesh ham haqli ravishda eng yaxshilar qatoridan joy oldi. Portugaliyalik yarim himoyachi rekord darajadagi 21 ta golli uzatmani amalga oshirib, bir yo‘la Premyer-liganing “Eng yaxshi futbolchisi” va “Eng yaxshi pleymeykeri” nominasiyalarida g‘olib chiqdi.
Muxlislar talqiniga ko‘ra shakllantirilgan ushbu ramziy terma jamoani “Brentford” hujumchisi Igor Tiago hamda “Liverpul” yarim himoyachisi Dominik Soboslai yakunlab berdi.













