Taniqli jurnalist Djanluidji Longarining xabar berishicha, “Monako” klubi rahbariyati bir yo‘la ikkita yirik kelishuvni yakunlash maqsadida superagent Jorje Mendesh bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Knyazlik klubi Sebastyen Pokonyoli o‘rniga Filippe Luisni jamoaning yangi bosh murabbiyi etib tayinlashni rejalashtirmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar yakuniy bosqichga kirgan.
Bundan tashqari, “Monako” o‘tgan mavsumni jamoada ijara asosida o‘tkazgan Ansu Fatining transfer huquqini “Barselona”dan to‘liq sotib olmoqchi. Xabarda aytilishicha, klub futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 11 million yevrolik sotib olish bandini faollashtirishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, ispaniyalik hujumchi ortda qolgan mavsumda “Monako” libosida barcha turnirlarda jami 12 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan va o‘z o‘yini bilan klub rahbariyatida ijobiy taassurot qoldirgan edi.













