Londonning «Arsenal» klubi yarim himoyachisi Deklan Rays UYEFA Chempionlar ligasi finali yakunlarini sarhisob qildi. Asosiy va qo‘shimcha vaqtlarda durang qayd etildi, 11 metrlik penaltilar seriyasida esa «PSJ»ning qo‘li baland keldi.
«Chempionlar ligasi finalida penaltilar seriyasida yutqazish — juda og‘ir. Ammo biz vaziyatga kengroq qarashga va jamoamiz qanday yo‘lni bosib o‘tganini yodda tutishga harakat qilyapmiz. Bu aql bovar qilmaydigan mavsum bo‘ldi. Biz barcha turnirlarda 63 ta o‘yin o‘tkazdik va borimizni berdik.
Biz o‘yinni penaltilar seriyasigacha olib bordik. Penalti esa o‘ziga xos lotereyadir. Futbol shunday: bunday seriyalarda yo g‘alaba qozonasan, yo mag‘lub bo‘lasan. Dunyoning ko‘plab eng kuchli jamoalari penaltilar seriyasida yutqazishgan. Bugun bu biz bilan sodir bo‘ldi.
Biz birgalikda g‘alaba qozonamiz va birgalikda mag‘lub bo‘lamiz. Men bu yigitlar bilan faxrlanaman. Qanday ajoyib mavsum bo‘ldi-ya! Shunchaki hayratlanarli. Jamoamizdagi har bir inson haqida faqat eng iliq so‘zlarni ayta olaman. Albatta, hozir ruhan ezilganman, lekin hammasiga kengroq kontekstda qarashga harakat qilyapman. Biz albatta qaytamiz», — deya Raysning so‘zlarini keltiradi TNT Sports.
«Arsenal» o‘zi ishtirok etgan Chempionlar ligasining har ikkala finalida ham imkoniyatni boy berdi. 2006 yilda «Barselona»ga qarshi kechgan bahsda londonliklar bir kishi kam bo‘lib o‘ynab, 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lishgan edi.













