«Portu» klubining 20 yoshli qanot hujumchisi Villiam Gomesga Madridning «Atletiko» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Diario AS nashri xabar berdi.
Madridliklar bosh murabbiyi Diyego Simeone braziliyalik futbolchining o‘yiniga yuqori baho bermoqda va uni yozgi transferlar oynasida jamoa tarkibiga qo‘shib olmoqchi. Biroq «Portu» o‘z iqtidorini osonlikcha qo‘yib yubormoqchi emas. Portugaliya klubi futbolchini yana kamida bir mavsum olib qolmoqchi va u uchun belgilangan 80 million yevro miqdoridagi tovon puli to‘liq to‘lanishini talab qilishi mumkin.
Gomesga «Atletiko»dan tashqari, «Arsenal», «Manchester Yunayted», «Nyukasl» va «Roma» klublari ham da’vogarlik qilmoqda. Joriy mavsumda vinger barcha turnirlarda 46 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 25 million yevroni tashkil etadi.













