«Arsenal» vingeri Noni Madueke Chempionlar ligasi finalida «PSJ» darvozasiga belgilanmagan penalti borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
Zaxiradan maydonga tushgan angliyalik futbolchi o‘yinning 102-daqiqasida Nunu Mendesh bilan to‘qnashuvdan so‘ng jarima maydonchasida yiqildi, biroq bosh hakam bu vaziyatda penalti belgilamadi.
«Bu vaziyatda penalti bo‘lishi mumkin edi. Ayniqsa, joriy Chempionlar ligasining oldingi o‘yinlarida qanday vaziyatlar uchun penalti belgilanganini inobatga olsak», – deya Maduekening so‘zlaridan iqtibos keltiradi The Touchline.
Qo‘shimcha bo‘limlardan so‘ng jamoalar 1:1 hisobida durang qayd etishdi. Penaltilar seriyasida esa «PSJ» 4:3 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa, «Arsenal» o‘z tarixida ilk bor nufuzli yevrokubokni qo‘lga kiritish imkoniyatini boy berdi.













