«PSJ»ning Chempionlar ligasidagi g‘alabasi Fransiyada ommaviy tartibsizliklarga sabab bo‘ldi.
Chempionlar ligasi finalida «PSJ»ning «Arsenal» ustidan qozonilgan g‘alabasi (asosiy vaqtda 1:1, penaltilar seriyasida 4:3) Fransiya bo‘ylab ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqardi.
Ichki ishlar vaziri Loran Nunyesning ma’lumotiga ko‘ra, 416 kishi hibsga olingan, ulardan 283 nafari Parijda qo‘lga olingan. Shuningdek, to‘qnashuvlar davomida 7 nafar polisiyachi jarohatlangan, ulardan birining ahvoli og‘ir.
Muxlislarga qarshi kurashish uchun 22 000 polisiyachi va jandarm safarbar etilgan, shundan 8 000 nafari poytaxtda faoliyat yuritgan. Parij polisiyasi muxlislardan 24 ta fayer va yuzlab petardalarni musoddara qilganini ma’lum qildi. Tartibsizliklar davomida Port-de-Sen-Klu hududida 6 ta avtomobil, bitta novvoyxona va restoranga shikast yetkazilgan.
AFP reportyorining so‘zlariga ko‘ra, shaharning janubida muxlislar tinimsiz ravishda feyerverklar otishgan, so‘ngra o‘t o‘chirish mashinasiga hujum qilishgan.
«Muammo futbolda emas, balki bayram qilishda. Yirik g‘alabalarga doim zo‘ravonliklar soya soladi», — deya vaziyatga izoh berdi Parij polisiya kasaba uyushmasi vakili Fabyen Boge.













