Londonning «Arsenal» klubi Chempionlar ligasi finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng transfer bozorida katta yurish qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jurnalist Jeymi Dikenson o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, «kanonirlar» tarkibni kuchaytirish uchun 300 million funt sterling (taxminan 345 million yevro) ajratish niyatida. Hozirdanoq ikki futbolchi — «Aston Villa» yarim himoyachisi Morgan Rodjers va «Bornmut» hujumchisi Eli Krupi transferi uchun 175 million funt (200 million yevro) ajratilgan.
Bundan tashqari, «Arsenal» rahbariyati himoya va yarim himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun yana 125 million funt (145 million yevro) ajratishi mumkin. Biroq buning uchun klub amaldagi futbolchilarini sotish orqali kamida 100 million funt (115 million yevro) ishlab olishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 30 may, shanba kuni «Arsenal» Chempionlar ligasi finalida «PSJ»ga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy bergan edi (1:1, 4:3 pen.).













