Angliyaning "Bornmut" klubi bosh murabbiyi Andoni Iraola Leverkuzenning "Bayer" jamoasiga o‘tish imkoniyatini hali butunlay inkor etgani yo‘q.
Avvalroq, "Liverpul" klubida bosh murabbiylik maqomiga asosiy da’vogarga aylangan ispaniyalik mutaxassis bugun "mersisaydliklar" rahbariyati bilan uchrashib, muzokara o‘tkazishi xabar qilingan edi. Tezkor insayder Florian Plettenbergning ma’lum qilishicha, tomonlar o‘rtasidagi muloqot qizg‘in davom etmoqda va ular kelishuvga juda yaqin turishibdi.
Ushbu vaziyatdan Iraola xizmatiga jiddiy qiziqish bildirayotgan "Bayer" klubi ham ogohlantirilgan. Shunga qaramay, nemis klubi hali murabbiydan "yo‘q" degan uzil-kesil javobni olganicha yo‘q. Endilikda jarayonning qanday yakunlanishi faqatgina Andoni va "Liverpul" o‘rtasidagi muzokaralarning muvaffaqiyatiga bog‘liq bo‘lib turibdi.













