Himoyachi Ibraima Konate «Liverpul»dagi faoliyatini davom ettirmaydi. Mersisaydliklar klubi fransuz futbolchisi yozda shartnoma muddati tugagani sababli klubni tark etishini e’lon qildi. «Qizillar» Konatega ko‘rsatgan o‘yinlari uchun minnatdorchilik bildirib, futbolchiga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Aprel oyida Konate «Liverpul» bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar haqida gapirganda, optimistik kayfiyatda edi. Ko‘rinishidan, futbolchi va klub kelishuv shartlari bo‘yicha baribir o‘zaro kelisha olmagan. Shu tariqa, Konate boshqa klubga erkin agent sifatida o‘tishi mumkin.
Ibraima Konate «Liverpul»da besh mavsumni o‘tkazdi. 27 yoshli fransiyalik himoyachi mersisaydliklar safida jami 183 ta rasmiy o‘yinda maydonga tushgan. Ushbu o‘yinlarda Konate 7 ta gol urgan va 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan.













