«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Brunu Fernandesh jamoa bosh murabbiyi Maykl Karrik haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Karrik 2026 yilning yanvarida Ruben Amorimning o‘rniga vaqtinchalik murabbiy sifatida ish boshlagan edi. Keyinchalik klub APLda mavsumni uchinchi o‘rinda yakunladi va Karrik doimiy shartnomaga ega bo‘ldi.
«Menimcha, u jamoaga juda ijobiy energiya bag‘ishladi. U ijobiy kayfiyatni saqlab qolishga harakat qildi, chunki biz murabbiylar almashgan davrda edik, bu esa jamoa uchun har doim oson bo‘lmagan palladir», — deya portugaliyalik yarim himoyachining so‘zlarini keltiradi «ESPN».
«U kelajakka optimizm bilan qarashga urindi, yangi g‘oyalar va o‘yinning boshqacha uslubini olib kirdi. Bu ham muhim edi, chunki bu yondashuv ayrim futbolchilarga o‘zlarini yana muhim o‘yinchi sifatida his qilishga va yetakchi rollarga chiqishga yordam berdi».
«Hammasi yaxshi kechmoqda va natijalar ham buni tasdiqlaydi. Umid qilamizki, bunday ruhda davom eta olamiz».
O‘tgan mavsumda Fernandesh 21 ta golli uzatmani amalga oshirib, APLda golli uzatmalar bo‘yicha rekord o‘rnatdi.













