Boston Dynamics kompaniyasi gumanoid robot Atlas ishtirokidagi yangi videoni e’lon qildi. Unda robot jahon chempionatlari o‘yinlarini tomosha qilib, futbolga oid harakatlarni o‘zlashtirayotgani aks etgan. Bu namoyish 2026 yil AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga bag‘ishlangan.
Videoda Atlas avvaliga katta ekranda o‘yin epizodlarini kuzatib, futbolchilarning tana holati, harakatlari va turli vaziyatlardagi reaksiyalarini tahlil qiladi. So‘ngra robot mashg‘ulot maydoniga chiqib, ko‘rgan harakatlarini amalda deyarli darhol takrorlaydi. Masalan, Atlas vaznni tayanch oyoqqa o‘tkazadi, to‘pni yumshoq harakatlar bilan boshqaradi hamda koordinasiya va muvozanat uchun mashqlarni bajaradi — mashg‘ulot davomida uning harakatlari tabiiyroq va ishonchliroq tus ola boshlaydi.
Robot nafaqat futbol mexanikasini, balki o‘yinchilarning hissiyotlarini ham takrorlashga urinadi: muvaffaqiyatli bajarilgan mashqdan so‘ng Atlas gol urilganini nishonlayotgan futbolchi kabi qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi, boshqa bir sahnada esa jarohat olgan futbolchining reaksiyasini ko‘rsatadi. Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, robot bu imo-ishoralarni match kadrlarini ko‘rgandan so‘ng darhol takrorlagan.
Shuningdek, ishlab chiquvchilar Atlas va to‘rt oyoqli Spot roboti 2026 yilgi Jahon chempionati tadbirlarida ko‘rinish berishi mumkinligiga ishora qilishdi, biroq robotlarning aniq vazifasi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.













