2026 yilgi Jahon chempionatida ishlatiladigan to‘plar o‘zida datchik (harakat sensori) bilan jihozlangan va ularni o‘yindan oldin zaryadlash talab etiladi. Bu haqda Newsweek nashri Adidas kompaniyasi vakiliga tayanib xabar bermoqda.
Datchik har bir teginishni kuzatib boradi va videoassistent hakamlarga (VAR) ofsayd, qo‘l bilan o‘ynash va boshqa epizodlar bo‘yicha qaror qabul qilishda yordam beradi. Qurilma olti soatgacha ishlash imkoniyatiga ega.
«Har bir to‘p o‘yin boshlanishidan oldin zaryadlanadi. Batareyalar ularning o‘yin davomiyligidan bir necha barobar uzoqroq ishlashiga imkon beradi. Turnirlarga xizmat ko‘rsatish davrida biror marta ham to‘pni quvvati tugagani uchun almashtirishga to‘g‘ri kelmagan», — dedi Adidas vakili.
Datchik to‘pning markazida joylashgan 2022 yilgi Jahon chempionatidan farqli o‘laroq, bu safar u to‘pning yon tomoniga o‘rnatilgan. O‘tgan turnirda qayta zaryadlanuvchi induksion batareya ishlatilgan edi.
Jahon chempionati-2026 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Turnirda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi.













