Kirish Ro'yxatdan o'tish

FIFA JCH-2026dagi tarkiblar bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlarni e’lon qildi

FIFA JCH-2026dagi tarkiblar bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlarni e’lon qildi

Baho:
+ | -

FIFA 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha 48 terma jamoaning yakuniy qaydnomasini e’lon qildi.

Tashkilot AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan va to‘qqiz kundan keyin start oladigan mundialda qatnashuvchi barcha jamoalarning rasmiy ro‘yxatlarini taqdim etdi.

Tarixda ilk bor jahon chempionatida 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi. Qaydnomalarga jami rekord darajadagi 1248 nafar futbolchi kiritilgan bo‘lib, musobaqa doirasida 104 ta uchrashuv o‘tkaziladi.

Futbolchilarning 357 nafari kamida bitta jahon chempionatida qatnashgan bo‘lsa, 891 nafar o‘yinchi uchun bo‘lajak musobaqa debyut turnir bo‘ladi.

FIFA jahon chempionatining yangi ishtirokchilariga alohida e’tibor qaratdi. Tarixda birinchi marta O‘zbekiston, Iordaniya, Kabo-Verde va Kyurasao terma jamoalari mundialda ishtirok etadi. Tashkilotda ta’kidlanishicha, turnirning kengaytirilishi jahon chempionatini butun dunyo futboli uchun yanada keng qamrovli musobaqaga aylantirdi.

Mundialning asosiy voqealaridan biri sifatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining debyuti qayd etildi. FIFA «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanovni millionlab o‘zbekistonlik muxlislarning orzusini ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shgan yosh futbolchilardan biri sifatida alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, musobaqada bir qator tarixiy natijalar qayd etilishi mumkin. Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu va Meksika terma jamoasi darvozaboni Gilyermo Ochoa jahon chempionatlarida olti marta ishtirok etgan ilk futbolchilarga aylanishi mumkin.

Turnirning eng yoshi katta ishtirokchisi — Shotlandiya terma jamoasining 43 yoshli darvozaboni Kreyg Gordon bo‘lsa, eng yosh futbolchi — Meksika terma jamoasining 17 yoshli yarim himoyachisi Xilberto Mora hisoblanadi. Qaydnomalardan 20 yoshdan kichik 22 nafar va 40 yoshdan katta 7 nafar futbolchi o‘rin olgan.

Ishtirokchilar tarkibi zamonaviy futbolning global xususiyatini ham aks ettirmoqda. Jahon chempionatida 71 mamlakatdan 449 ta klub vakillari qatnashadi. Qatar va Saudiya Arabistoni kabi ayrim terma jamoalar asosan milliy chempionat futbolchilaridan tashkil topgan bo‘lsa, Kongo DR, Senegal, Urugvay, Kot-d’Ivuar, Kabo-Verde va Kyurasao terma jamoalari to‘liq xorijda to‘p surayotgan o‘yinchilardan shakllantirilgan.

Musobaqa reglamentiga ko‘ra, qaydnomalar tasdiqlanganidan keyin o‘zgartishlar faqat jiddiy jarohat yoki kasallik holatida, tegishli terma jamoaning ilk o‘yinidan kamida 24 soat oldingacha kiritilishi mumkin.

Manba: sports.kz
Kiritildi: 22:36, 02.06.2026.
O'qildi: 737 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик