Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi 2026 yilgi jahon chempionati oldidan milliy jamoaning birinchi yig‘inida asosiy guruhdan alohida mashg‘ulot o‘tkazdi.
Field Level Media ma’lumotlariga ko‘ra, 38 yoshli futbolchi amaldagi jahon chempionlarining yig‘iniga qo‘shilish uchun Kanzas-Siti shahriga yetib kelgan. Argentinaliklar bo‘lajak turnirga tayyorgarlikni shu yerda boshlashdi. Ilk mashg‘ulot davomida Messi individual dastur asosida maxsus mashqlarni bajardi.
Xabar qilinishicha, sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibi 24 may kuni «Inter Mayami» safidagi uchrashuvdan keyin sezilgan chap son orqa qismi mushaklaridagi charchoqdan tiklanish jarayonini davom ettirmoqda.
Argentina futbol federasiyasida ta’kidlanishicha, sog‘lig‘ida muammosi bor futbolchilar tibbiy shtab bilan birgalikda ish olib bormoqda va tiklanish jarayoni ijobiy kechmoqda.
Ehtiyot choralari ko‘rilayotganiga qaramay, Messi Argentina terma jamoasining 16 iyun kuni Kanzas-Sitida Jazoir terma jamoasiga qarshi o‘tadigan jahon chempionatidagi ilk o‘yiniga to‘liq tayyor bo‘lishi kutilmoqda.
Turnir boshlanishidan avval Lionel Skaloni boshchiligidagi jamoa yana bir o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. 9 iyun kuni argentinaliklar Islandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Bo‘lajak Mundial Messi uchun faoliyatidagi rekord darajadagi oltinchi jahon chempionati bo‘ladi. U Argentina terma jamoasi safida 198 ta uchrashuvda ishtirok etib, 116 ta gol urgan. Shu tariqa u milliy jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar va eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi hisoblanadi.













