The Athletic nashri futbol bo‘yicha jahon chempionatlari tarixidagi eng aqlbovar qilmas 20 ta voqea reytingi bilan o‘rtoqlashdi.
Mualliflarning ta’kidlashicha, mundiallar muntazam ravishda muxlislar xotirasida o‘nlab yillar saqlanib qoladigan voqealar sahnasiga aylanib kelgan. Ro‘yxatdan chetlatishlar, janjallar, hakamning xatolari, futbolchilarning g‘alati harakatlari, tarixiy muvaffaqiyatsizliklar va musobaqalar taqdiriga ta’sir ko‘rsatgan holatlar o‘rin olgan.
Reytingda birinchi o‘rinni 2006 yilgi Jahon chempionati finalida Zinedin Zidanning Marko Materassi ko‘ksiga bosh bilan zarba bergan mashhur epizodi egalladi. Fransiyalik yarim himoyachi uchun Italiyaga qarshi o‘sha bahs professional faoliyatidagi so‘nggi o‘yin bo‘lgan. Zidan qo‘shimcha vaqtda maydondan chetlatilgan, Fransiya terma jamoasi esa penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan.
Ikkinchi o‘rindan Diyego Maradonaning 1986 yilgi JCH chorak finalida Angliya darvozasiga qo‘li bilan urgan va hakam tomonidan hisobga olingan mashhur «Xudoning qo‘li» goli joy oldi. Oradan bir necha daqiqa o‘tib, Maradona futbol tarixidagi eng mashhur gollardan birini ham urgandi.
Uchinchi pog‘onaga Braziliyaning 2014 yilgi uy chempionati yarim finalida Germaniyadan 1:7 hisobida mag‘lub bo‘lishi qo‘yildi. Bu o‘yin futbol tarixidagi eng shokli natijalardan biri sifatida baholanmoqda.
Top-5likdan shuningdek, 1982 yilgi JCHda GFR darvozaboni Toni Shumaxerning Patrik Battiston bilan qattiq to‘qnashuvi hamda 2014 yilgi mundialda Luis Suaresning Jorjo Kyellinini tishlab olgani ham o‘rin oldi.
Jahon chempionatlari tarixidagi eng aqlbovar qilmas 20 voqea
-
Zinedin Zidanning 2006 yilgi JCH finalida Marko Materassiga bosh bilan zarba berishi.
-
Diyego Maradonaning 1986 yilgi JCHda Angliyaga qarshi qo‘l bilan gol urushi.
-
Braziliyaning 2014 yilgi uy chempionatida Germaniyaga 1:7 hisobida mag‘lub bo‘lishi.
-
Toni Shumaxerning 1982 yilgi JCHda Patrik Battiston bilan qattiq to‘qnashuvi.
-
Luis Suaresning 2014 yilgi JCHda Jorjo Kyellinini tishlashi.
-
Roy Kinning 2002 yilgi JCH oldidan Irlandiya terma jamoasini tark etishi.
-
Yosip Shimunichning 2006 yilgi JCHda bir o‘yinda uchta sariq kartochka olishi.
-
Rivaldoning 2002 yilgi JCHda yuzidan zarba yeganini simulyasiya qilishi.
-
Frank Raykardning 1990 yilgi JCHda Rudi Fyollerga tupurishi.
-
Ronaldoning 1998 yilgi JCH finali oldidan asosiy tarkibdan kutilmaganda chiqarib tashlanishi.
-
Fransiya terma jamoasi futbolchilarining 2010 yilgi JCHda ish tashlashi.
-
Portugaliya — Niderlandiya uchrashuvining 2006 yilgi JCHda «Nyurnberg jangi»ga aylanishi.
-
Frenk Lempardning Germaniyaga urgan goli 2010 yilgi JCHda hisobga olinmasligi.
-
Luis Suaresning 2010 yilgi JCHda Urugvay — Gana bahsida qo‘li bilan golning oldini olishi.
-
Pol Gaskoynning 1990 yilgi JCHda sariq kartochkadan keyin yig‘lab yuborishi.
-
Dayana Rossning 1994 yilgi JCH ochilish marosimida penaltini ura olmasligi.
-
Zair terma jamoasi futbolchisining 1974 yilgi JCHda Braziliya jarima zarbasi paytida to‘pni tepib yuborishi.
-
Jahon kubogining 1966 yilgi turnir oldidan o‘g‘irlanishi.
-
1930 yilgi ilk Jahon chempionatidagi qator qiziq va g‘alati voqealar.
-
Devid Bekxemning 1998 yilgi JCHda Diyego Simeonega zarba bergani uchun chetlatilishi.
2026 yilgi Jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Musobaqa tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirokida tashkil etiladi.













