Germaniyalik mutaxassis Marko Roze «Bornmut» klubida ish boshladi, deya xabar bermoqda klub matbuot xizmati.
49 yoshli mutaxassis jamoa bosh murabbiyi lavozimida «Liverpul» boshqaruvini qo‘lga olgan Andoni Iraolaning o‘rnini egalladi. Avvalroq «Bornmut» Roze bilan uch yillik shartnoma imzolanganini ma’lum qilgan edi.
«Ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan, yosh iste’dodlarni tarbiyalagan va Yevropaning bir qator yirik klublarida ishlagan murabbiy «Bornmut»ga o‘tmoqda. Roze o‘zining serg‘ayrat uslubi, hujumkor futboli va yosh futbolchilarni rivojlantira olish qobiliyati bilan mashhur. U Avstriya va Germaniyada Bundesliga, UEFA Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi klublarini boshqarib, ajoyib faoliyat olib borgan», — deyiladi «Bornmut» bayonotida.
Rozening so‘nggi ish joyi «Leypsig» klubi bo‘lib, u yerni 2025 yilning martida tark etgan edi. Bungacha germaniyalik mutaxassis Dortmundning «Borussiya», Gladbaxning «Borussiya» hamda «Zalsburg» klublarini boshqargan.













