«Real» prezidenti Florentino Peres klubni sotish niyati yo‘qligini, chunki u jamoa uchun faqat eng yaxshisini xohlashini ma’lum qildi.
«Hozirda «Real»ning qiymati 10 milliard yevroni tashkil etadi. Men 2000 yilda klubga ilk bor kelgan paytimda, biz hatto futbolchilarning maoshini ham to‘lay olmas edik. Odamlar meni 80 yoshda ekanimni va saylovlarda qatnashmasdan, dam olishim kerakligini aytishyaptimi? Men hali kichkina bola bo‘lgan paytimdayoq otam «Real»ni qalbimga jo qilgan, shuning uchun men ushbu klubga yordam berishni o‘z burchim deb hisoblayman.
Biz har doim ham g‘alaba qozona olmaymiz, lekin men juda ko‘p — 66 ta sovrin yutib oldim (futbol va basketbol jamoalari bilan birgalikda). «Real» bilan hech kim menchalik ko‘p sovrin qo‘lga kiritmagan.
Odamlar meni klubni sotmoqchi deb aytishyaptimi? Bu shunchaki uydirma gap. Men ushbu klub faqatgina uning rasmiy a’zolariga (sosios) tegishli bo‘lishini xohlayman. Ular «Real»ga shunchaki qog‘ozda emas, balki amalda egalik qilishlarini istayman. Bu bo‘yicha referendum o‘tkaziladi va ular ovoz berishadi», — deya Peresning so‘zlarini keltiradi Diario AS nashri.
«Real» prezidenti saylovlari shu yakshanba, 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
2025/26 yilgi mavsumda «Real» 86 ochko jamg‘arib, Ispaniya chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi. Turnir g‘olibligini esa 94 ochko bilan «Barselona» qo‘lga kiritdi.













