Madridning «Real» klubi prezidentligiga nomzod Enrike Rikelme hujumchi Erling Xolandning jamoaga ehtimoliy transferi haqida fikr bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Manchester Siti» klubi rasmiy bayonot bilan chiqib, futbolchining Ispaniya klubiga o‘tish imkoniyatini mutlaqo rad etgan edi.
«To‘liq ishonch bilan aytaman: agar men prezident bo‘lsam, Xoland «Real»da o‘ynaydi», — deya Rikelmening so‘zlaridan iqtibos keltiradi Marca nashri.
Rikelme, shuningdek, «Manchester Siti» tomonidan berilgan raddiyadan xafa emasligini ham ta’kidlab o‘tdi.
«Bu tabiiy hol. Ular o‘z futbolchisini himoya qilishlari kerak. Men buni tushunaman va shaxsiy adovat sifatida qabul qilmayman. Bu futbol olamining bir qismi. Men «Siti»ni hurmat qilaman va dushanbadan keyin ular bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyorman».
Bundan tashqari, Rikelme 2000 yilda portugaliyalik futbolchi Luish Figuning «Real»ga o‘tganini yodga oldi. O‘shanda futbolchi barcha ommaviy axborot vositalarida hech qayerga ketmasligini ta’kidlagan edi.
Ma’lumot uchun, «Real»ning yangi prezidentini saylash jarayoni 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.













