Taniqli germaniyalik mutaxassis Yurgen Klopp «Real» prezidentligiga nomzod Enrike Rikelmening saylovoldi kampaniyasida ishtirok etish niyati yo‘qligini, ammo o‘z ismidan foydalanishga qarshi emasligini ma’lum qildi. Bu haqda COPE nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Klopp «saylov kompaniyasida ishtirok etishni rejalashtirmayapti», biroq germaniyalik murabbiy Rikelmega o‘z nomi tilga olingan bayonotni e’lon qilish uchun ruxsat bergan.
Eslatib o‘tamiz, «Real» prezidenti saylovi shu yakshanba — 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda amaldagi prezident Florentino Peres ham ishtirok etadi.
Avvalroq Enrike Rikelme saylovda g‘alaba qozongan taqdirda Yurgen Kloppni «Real» bosh murabbiyi lavozimiga olib kelish niyati borligini ma’lum qilgan edi. Hozirda Klopp Red Bull tizimida sport yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda.













