«Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisi Pol Pogba yakunlangan mavsumda Maykl Karrik boshchiligidagi jamoaning muvaffaqiyatlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 44 yoshli mutaxassis shu yilning yanvar oyida Ruben Amorimning o‘rnini egallab, bosh murabbiy lavozimiga kirishgan edi. «Qizil iblislar» mavsumning ikkinchi yarmini muvaffaqiyatli o‘tkazib, Premyer-ligani uchinchi o‘rinda yakunlashdi, shundan so‘ng murabbiyning shartnomasi 2028 yilgacha uzaytirildi.
«Karrik ishni a’lo darajada uddalayapti. U avval ham, Sulsher shtabida ishlagan paytlaridayoq yaxshi mutaxassis ekanini ko‘rsatgandi. Maykl — katta tajribaga ega bo‘lgan ajoyib inson, u paytida ajoyib futbolchi bo‘lgan. U futbolchilar bilan til topishishni uddaladi, bu uning kelishi bilanoq darhol ko‘zga tashlandi. Menimcha, Karrikni olib qolish qarori «Manchester Yunayted»ga faqat foyda keltiradi. Unga, uning yordamchilariga va futbolchilarga eng ezgu tilaklarimni tilab qolaman», — deya Sky Sports News nashri Pogbaning so‘zlarini keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, fransiyalik yarim himoyachi «MYU» safini 2021 yilda tark etgan edi. Ayni damda u «Monako» klubiga tegishli.













