Madridning «Real» klubi sobiq prezidenti Ramon Kalderon (bu lavozimda 2006 yildan 2009 yilgacha faoliyat yuritgan) Joze Mourinyoning klubga qaytishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Portugaliyalik mutaxassis faoliyatida ikkinchi bor «qaymoqranglilar» boshqaruvini qo‘lga olishga juda yaqin turibdi.
«Men Mourinyoga inson sifatida xayrixohlik bilan qarayman. U bilan bir-ikki marta ko‘rishganman, shaxsiy suhbatda u juda yoqimli va xushmuomala tuyulgan. Biroq u bu yerda ishlagan vaqtda natijalar u qadar a’lo bo‘lmagan: 3 yil ichida u atigi 1 marta chempionlikni qo‘lga kiritdi va birorta ham Chempionlar ligasi finaliga chiqa olmadi», — deya Kalderonning so‘zlarini keltiradi A Bola nashri.
«Bundan tashqari, u juda bahsli va murakkab shaxs. Uning o‘ziga xos xarakteri raqiblar, hakamlar va boshqalar bilan doimiy mojarolarni keltirib chiqarardi. Har holda, avval shunday bo‘lgan. Ammo men uning qaytishiga juda umid qilaman. Agar u jamoani o‘zgartirib, g‘alabalarga boshlay olsa, unda xush kelibdi».
Eslatib o‘tamiz, Mourinyoning taqdiri klubda 7 iyun kuniga belgilangan prezidentlik saylovlaridan so‘ng hal bo‘ladi.













