«Barselona» vingeri Lamin Yamal mavsum yakunlariga ko‘ra Ispaniya La Ligasining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
La Ligada mavsumning eng yaxshi o‘yinchisiga beriladigan ushbu mukofot 2008/2009 yilgi mavsumda ta’sis etilgan edi. Qizig‘i shundaki, Yamalga qadar Ispaniyadan chiqqan birorta ham futbolchi bu sovringa ega chiqa olmagandi.
Shu vaqtgacha mazkur mukofotni argentinalik Lionel Messi (to‘qqiz marta), portugaliyalik Krishtianu Ronaldu (bir marta), fransiyalik Antuan Grizmann (bir marta), fransiyalik Karim Benzema (ikki marta), sloveniyalik Yan Oblak (bir marta), germaniyalik Mark-Andre ter Shtegen (bir marta), angliyalik Jud Bellingem (bir marta) va braziliyalik Rafinya (bir marta) qo‘lga kiritishgan edi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyida «Barselona» ketma-ket ikkinchi bor Ispaniya chempionligini rasmiylashtirgan edi.













