Angliya terma jamoasi hujumchisi Xarri Keyn Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvidan (1:0) keyin jurnalistlar bilan suhbatlashdi. «Bavariya» futbolchisi bahsning 45-daqiqasida uchrashuvdagi yagona golni kiritdi, tanaffusda esa boshlang‘ich tarkibning boshqa o‘n nafar o‘yinchisi qatori almashtirildi.
«Menga hozirgina terma jamoadagi gollarim soni 79 taga yetganini aytishdi, vaholanki men negadir ularni 75 ta deb o‘ylab yurgandim. Lekin baribir o‘sha to‘rtta golni uraman (hazil tariqasida). Terma jamoa libosini kiygan har bir vaziyatda o‘zimni ko‘rsatishga va o‘z ishimni bajarishga harakat qilaman. Mening asosiy vazifam — gol urish va jamoaga g‘alaba qozonishda yordam berish. Bugun buni uddalaganimizdan xursandman.
Biz Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishni davom ettirmoqdamiz. Avvalo, issiq havoga va mahalliy maydonlarga moslashib olishimiz kerak edi. Menimcha, biz buni uddalay oldik», — deya BBC Keynning so‘zlarini keltirmoqda.
10 iyun kuni inglizlar Kosta-Rika bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishadi, 17 iyunda esa «uch sherlar»ning JCH-2026dagi ilk o‘yini bo‘lib o‘tadi — unda Xorvatiya raqiblik qiladi.













