«Brayton» rahbariyati himoyachi Yan-Paul van Xekkening transferi bo‘yicha «Tottenxem» tomonidan berilgan navbatdagi taklifni yana rad etdi. Bu haqda «Daily Mail Sport» nashri ma’lumot tarqatmoqda.
Manbaning xabariga ko‘ra, «chaykalar» futbolchi uchun belgilagan 81 million yevrolik narxdan pastga tushmoqchi emaslar. Niderlandiyalik futbolchining amaldagi shartnomasi tugashiga atigi bir yil qolgan bo‘lsa-da, «Brayton» van Xekkeni o‘z safida saqlab qolishga qat’iy qaror qilgan.
Shu bilan birga, «shporlar» bu bilan to‘xtab qolmasligi va himoyachini sotib olish uchun harakatlarni davom ettirishi kutilmoqda. Avvalroq «Tottenxem» «Brayton»ga 52 million yevro va unga qo‘shimcha bonuslar taklif qilishga tayyorlanayotgani xabar qilingan edi.
Ortda qolgan 2025/26 yilgi mavsumda van Xekke barcha musobaqalarda 40 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 3 bor ishg‘ol qildi va 3 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.













