«Napoli» yarim himoyachisi Kevin de Bryoyne Italiya klubidagi debyut mavsumida bir necha oyni o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘lgan jarohati haqida gapirdi. Shuningdek, u Jahon chempionati oldidan o‘z holatiga baho berdi.
«Buni kamera qarshisida tushuntirish qiyin. Boshida juda qo‘rqdim, chunki bundan 2 yil oldin ham sonning orqa mushagidan jarohat olgan edim», — deya de Bryoynening so‘zlarini keltiradi TMW.
Belgiyalik yarim himoyachi tiklanish jarayonini o‘z vatanida o‘tkazdi va bu to‘g‘ri qaror bo‘lganini ta’kidladi.
«Aslida, men butun reabilitasiya davrini shu yerda o‘tkazdim. Menimcha, bu eng yaxshi qaror edi. Menda kasallikning qaytalanishi yoki o‘zimni yomon his qilgan lahzalar kuzatilmadi. Hech qanday og‘riq yoki noqulaylik sezmadim. Ishning bunday tus olgani achinarli, albatta. Mavsumni yaxshi boshlab, o‘zimni ajoyib sport formasida his qilayotgan edim», — deya qo‘shimcha qildi futbolchi.
De Bryoyne jarohat sabab taxminan 5 oyni o‘tkazib yubordi va klub hamda terma jamoa safidagi 30 ta o‘yinda maydonga tusha olmadi. Shunga qaramay, yakunda u Belgiya terma jamoasining JCH-2026 uchun qaydnomasidan joy oldi.













