Florentino Peres saylovda g‘olib chiqib, «Real» prezidenti lavozimida qoldi. Shu munosabat bilan Madrid jamoasining sobiq darvozaboni Iker Kasilyas ijtimoiy tarmoqlarda post qoldirdi.
«Florentino Peresni «Real» prezidenti lavozimiga qayta saylangani bilan tabriklayman. Klubni yana muvaffaqiyat yo‘liga qaytarish uchun eng yaxshi tarzda faoliyat yuritishini tilayman. Har doimgidek: Xala Madrid!» — deb yozdi Kasilyas.
«Real» 2025/2026 yilgi mavsumni sovrinsiz yakunladi. Yaqin kunlarda yoki hatto soatlarda Madrid superklubi Joze Mourinyoning bosh murabbiy lavozimiga qaytganini e’lon qilishi kutilmoqda. Portugaliyalik mutaxassis avval ham (2010–2013 yillarda) «qaymoqranglilar»ni boshqargan edi.













