«Manchester Yunayted» va Angliya Premyer-ligasining yana bir qator jamoalari Milanning «Inter» klubi hujumchisi Franchesko Pio Espozitoga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, «qizil iblislar» skautlari Italiya terma jamoasining Lyuksemburg va Gresiyaga qarshi o‘tkazilgan so‘nggi o‘yinlarida bevosita hozir bo‘lishgan. 20 yoshli forvard ikkala uchrashuvni ham asosiy tarkibda boshladi va raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. Yosh hujumchining bunday namoyish etgan o‘yinlari «Manchester Yunayted» vakillarida Espozitoning kelajakda top-darajadagi hujumchiga aylanishi uchun barcha sifatlarga ega ekanligiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.
Biroq Espozito xizmatiga faqatgina «MYU» qiziqayotgani yo‘q. Italiyalik iqtidor egasining o‘sishini, shuningdek, «Arsenal», «Tottenxem», «Chelsi» va Fransiyaning «Strasburg» klublari ham diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Yakunlangan mavsum yosh forvard uchun haqiqiy porlash davri bo‘ldi. U «Inter» tarkibida o‘z hisobiga 10 ta gol va 6 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yib, Italiyada o‘z avlodining eng umidli hujumchilaridan biriga aylandi. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 45 million yevroga baholamoqda.













