Senegal futbol federasiyasi (FSF) AQSH aeroportida terma jamoa futbolchilari tekshiruvdan o‘tkazilgani bilan bog‘liq holat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Senegal terma jamoasi futbolchilari va murabbiylar shtabi a’zolari ko‘rikdan o‘tkazilayotgani aks etgan video tarqalgan edi. Ayrim OAVning tasdiqlanmagan ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchilar giyohvand moddalar mavjudligi bo‘yicha tekshirilgan.
«Ijtimoiy tarmoqlarda Senegal terma jamoasi futbolchilari va xodimlari aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagida tekshiruvdan o‘tayotgani aks etgan videolar tarqalgani munosabati bilan tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Ayrim xabarlarda aytilganidek, tekshiruv jamoa San-Antonioga yetib kelganida emas, balki Roli aeroportidan AQSH ichidagi parvoz oldidan o‘tkazilgan. Senegal terma jamoasini olib kelgan avtobus Roli shahridagi mehmonxonadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagiga yo‘l olgan. Ushbu tartib futbolchilar va jamoa xodimlariga terminal va kutish zallariga kirmasdan, samolyotga chiqish oldidan xavfsizlik va polisiya tekshiruvlaridan o‘tish imkonini berdi.
Bu chora, avvalo, logistikani optimallashtirish maqsadida qo‘llanildi. Barcha jamoaning San-Antonioga xususiy reysga chiqish jarayonini soddalashtirishni istagan. Shuni ta’kidlaymizki, ushbu tartib amaldagi aviasiya xavfsizligi qoidalariga to‘liq muvofiq holda o‘tkazilgan va hech qanday noxush holat qayd etilmagan. Rolidan San-Antonioga bo‘lgan parvoz yuqori darajadagi sharoitlarda amalga oshirildi», — deyiladi FSF bayonotida.













