Madridning «Real» klubi mashhur sport brendi hisoblangan «Adidas» kompaniyasi bilan yangi homiylik shartnomasini imzoladi. Hamkorlik muddati uzaytirilgani haqida «qaymoqranglilar»ning rasmiy saytida e’lon qilindi.
Ispaniya klubi ushbu kompaniya bilan yana 8 yil davomida hamkorlik qiladi. Eslatib o‘tamiz, «Real» «Adidas» bilan ilk bor 1980 yilda homiylik shartnomasini tuzgan edi.
«Ilk bor 1980 yilda rasmiylashtirilgan ushbu aloqa klubimizni Yevropa futbolining mutlaq yetakchisiga aylantirdi va jamoamiz uchta chiziqli libosda 8 marta Chempionlar Ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. 35 yildan ortiq davom etgan hamkorlik davomida bu ittifoq «Real» tarixi, madaniyati va muxlislariga hurmat bajo keltiruvchi dizaynlari bilan ajralib turdi», — deyiladi klub bayonotida.
La Liganing yakunlangan mavsumi finish jadvalida Madrid klubi chempionlikni «Barselona»ga boy berib, ikkinchi o‘rinni egalladi.













