Madridning «Real» klubi forvardi Gonsalo Garsiya yozgi transfer oynasida jamoasini o‘zgartirishi mumkin. Bu haqda El Debate nashri jurnalistlari xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bir yo‘la bir nechta klub hujumchini o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Gap «Borussiya», «Real Sosyedad» va «Komo» jamoalari haqida bormoqda. Ehtimoliy transfer summasi taxminan 30 million yevroni tashkil qilishi mumkin.
Ispaniya chempionatining yakunlangan mavsumida Garsiya «qirollik klubi» safida 30 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Gonsalo o‘z hisobiga 6 ta gol va 1 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. 22 yoshli futbolchining «qaymoqranglilar» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning iyun oyi oxirigacha amal qiladi.













