Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi yozgi transfer oynasida hujum chizig‘ini yangi futbolchi bilan kuchaytirishi mumkin. Bu haqda Sky Sports nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, mankunianliklar «Lill» hujumchisi Matias Fernandes-Pardo transferini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Agar jamoa hujumchisi Joshua Zirkzee transfer oynasi yopilguniga qadar klubni tark etsa, 21 yoshli belgiyalik futbolchiga bo‘lgan qiziqish yanada faollashishi mumkin. Qayd etilishicha, klub rahbariyati niderlandiyalik Zirkzeening kiyinish xonasidagi ta’sirini yuqori baholamoqda, biroq uning maydondagi ko‘rsatkichlari hozircha kutilgan natijani bermayapti.
Fernandes-Pardo hujum markazida ham, har ikkala qanotda ham birdek harakat qila olish xususiyatiga ega. U Fransiya Ligi 1’ning yakunlangan mavsumida 8 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, u Belgiya terma jamoasining JCH-2026 uchun qaydnomasidan ham joy olgan.
Avvalroq Fransiyaning mashhur L'Équipe nashri Bryussel maktabi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan ushbu futbolchini Fransiya chempionatining eng yaxshi vingerlaridan biri deb atagan hamda uning jismoniy holati, tezligi va texnik mahorati uyg‘unligini alohida e’tirof etgan edi. «Lill» o‘z iqtidori uchun 70 million yevrogacha mablag‘ talab qilishi mumkin.
Qo‘shimcha qilinishicha, «Manchester Yunayted»ning short-listidan «Aston Villa» yarim himoyachisi Morgan Rodjers va «Everton» vingeri Iliman Ndiaye ham joy olgan. Biroq ushbu futbolchilarning transferi klub uchun ancha qimmatga tushishi aytilmoqda.













