Italiyaning «Milan» klubi yangi bosh murabbiy izlash jarayonini davom ettirmoqda va «Manchester Yunayted»ning sobiq ustozi Ruben Amorim bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqda Football Italia nashri xabar bermoqda.
Yakunlangan mavsumdan so‘ng klubni Massimiliano Allegri, Igli Tare, Joffrua Monkada va Djordjo Furlani kabi mutaxassislar tark etgan edi. Shu sababli «rossoneri» rahbariyati ayni paytda yangi boshqaruv tuzilmasini va murabbiylar shtabini shakllantirish bilan band.
Hozirda «Milan» uchun asosiy variant Ralf Rangnikni klub texnik direktori lavozimiga tayinlash bo‘lib turibdi. Agar nemis mutaxassisi taklifni qabul qilsa, uning g‘oyaviy izdoshlaridan biri hisoblangan Oliver Glasner jamoa bosh murabbiyiga aylanishi mumkin. Glasner yaqindagina «Kristal Pelas»ni tark etgan va ayni damda erkin agent maqomida. Biroq milanliklar murabbiy masalasini hal qilishdan avval, texnik direktor nomzodini aniqlashtirib olmoqchi.
Vaziyatni murakkablashtirib turgan jihat shundaki, Rangnikning Avstriya terma jamoasi bilan amaldagi shartnomasi mavjud va Avstriya futbol assosiasiyasi u bilan kelishuvni uzaytirish niyatida.
«Milan» rahbariyati Rangnik va Glasner atrofidagi vaziyat oydinlashishini kutish bilan bir vaqtda, boshqa nomzodlar bilan ham aloqani uzmayapti. Avvalroq AQSH terma jamoasi bosh murabbiyi Maurisio Pochettino bilan aloqaga chiqilgani ma’lum bo‘lgan edi, endilikda da’vogarlar qatoriga Ruben Amorim ham qo‘shildi.
Qayd etilishicha, hozircha na Amorim va na Pochettino milanliklar uchun bosh da’vogar hisoblanadi. Oliver Glasner hali ham asosiy favorit bo‘lib turibdi, biroq avstriyalik mutaxassis «Milan» taklifini rad etsa, vaziyat tubdan o‘zgarishi mumkin.













