Myunxenning «Bavariya» klubi sobiq hujumchisi Tomas Myuller kelajakda Germaniya grandiga boshqaruv tizimida qaytishi mumkinligi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.
«Uzoq muddatli istiqbolda men hech narsani inkor etmayman. Ammo bu yaqin orada amalga oshishini tasavvur qila olmayman. «Bavariya»da shunchaki rahbarlik lavozimini qo‘lga kiritib bo‘lmaydi. Uli Xyoness va Karl-Xayns Rummenigge haqqoniy ta’kidlashganidek, bunga puxta tayyorgarlik ko‘rish, oldindan turli sohalarda tajriba to‘plash va shundan keyingina natija ko‘rsatish lozim. Men yangi narsalarni o‘rganmoqchiman va professional kelajagimga imkon qadar yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishni istayman. Ammo ungacha hali vaqt bor», — deydi Myuller.
Shuningdek, tajribali futbolchi Okean ortiga ko‘chib o‘tgani unga qanday ta’sir qilganini aytib o‘tdi:
«Vankuver»ga o‘tishim shaxs sifatida yanada rivojlanishimga yordam berdi. Men boshqa mamlakatlarda odamlar qanday fikrlashi va o‘zlarini qanday tutishlarini o‘rganyapman. Vankuver — xalqaro insonlar va madaniyatlar qorishib ketgan maskan. Men uchun yana bir muhim jihat — til bo‘ldi. Ingliz tilim sezilarli darajada yaxshilandi. Bu keyinchalik qo‘l kelishi mumkin — masalan, qachondir APL klubidan futbolchini o‘z tomoningga og‘dirib olmoqchi bo‘lsang (kuladi)», — deya qo‘shimcha qildi futbolchi.
Eslatib o‘tamiz, Tomas Myuller deyarli butun futbolchilik faoliyatini Myunxenning «Bavariya» klubida o‘tkazgan bo‘lib, 2025 yilning yozida MLS vakili — «Vankuver Uaytkeps» jamoasiga ko‘chib o‘tgan edi.













