Londonning «Chelsi» klubi qanot himoyachisi Mark Kukurelya o‘z vaqtida «Barselona» sharafini himoya qilgan kezlarida jamoa yulduzi, ayni damda «Inter Mayami» forvardi hisoblangan Lionel Messi bilan birga o‘tkazilgan mashg‘ulotlarni yodga oldi. Bu haqda TyC Sports nashri xabar bermoqda.
«Mashg‘ulotlarda men unga qarshi himoyalanishimga to‘g‘ri kelardi, biroq buni faqat ma’lum bir masofadan turib bajarardim. Jamoada shunday yozilmagan, maxfiy qoida bor edi: Messiga haddan tashqari yaqin borish va unga nisbatan qo‘pol o‘ynash mumkin emasdi. Aks holda, bu sening jamoadagi eng so‘nggi kuning bo‘lishi hech gap emasdi», — deya eslaydi ispaniyalik himoyachi.
Shuningdek, Kukurelya o‘z so‘zi yakunida argentinalik hujumchini futbol tarixidagi eng buyuk va eng yaxshi futbolchi deb hisoblashini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Mark Kukurelya «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va Kataloniya klubining asosiy jamoasi mashg‘ulotlarida qatnashgan. Ayni damda u Angliya Premyer-ligasida muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.













