AQSHga kiritilmagan somalilik hakam Umar Artan UEFA Superkubogi uchrashuvini boshqaradi. Bu haqda UEFA o‘zining rasmiy saytida ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, bugun, 11 iyun kuni Yevropa futbol ittifoqi Afrika futbol konfederasiyasi bilan muzokaralar o‘tkazib, somalilik referining 2026 yilgi UEFA Superkubogini boshqarishi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ushbu o‘yin 12 avgust kuni Zalsburg shahrida UEFA Chempionlar Ligasi g‘olibi “PSJ” va UEFA Yevropa Ligasi g‘olibi “Aston Villa” o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Artan boshqargan eng diqqatga sazovor uchrashuv 2025/26 yilgi Afrika Chempionlar Ligasi finali hisoblanadi. U 2025 yilda Afrikaning eng yaxshi hakami deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, Artan FIFA tomonidan 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlari hakamlari ro‘yxatiga kiritilgan edi, ammo u Mayami xalqaro aeroportida to‘xtatib qolingan va shundan so‘ng Istanbulga qaytarib yuborilgan. Avvalroq Somalining Nayrobidagi elchixonasi hakamga diplomatik pasport tayyorlab bergani ma’lum qilingandi.
Artan AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini boshqarish uchun tanlangan afrikalik hakamlar ro‘yxatidan joy olgandi. U mundialning final bosqichi uchun jalb etilgan ilk somalilik referi sifatida tarixga kirishi mumkin edi.













