2026 yilgi Jahon chempionati oldidan FIFA milliy terma jamoalar reytingini yangilaganini e’lon qildi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1458,73 ochko bilan 50-o‘rinni saqlab qoldi.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi “oq bo‘rilar” may-iyun oylarida uzoq muddatli yig‘in o‘tkazdi va Kanada (0:2) hamda Niderlandiya (1:2) terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etib, har ikkisida imkoniyatni boy berdi.
Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasi Osiyoning eng kuchli besh jamoasi qatoridan joy olgan. Undan yuqori o‘rinlarda Yaponiya (1661,58), Eron (1619,58), Janubiy Koreya (1591,63) va Avstraliya (1579,34) qayd etilgan.
“Oq bo‘rilar”ning 2026 yilgi Jahon chempionati “K” guruhidagi raqiblarining ham reytingdagi o‘rinlari o‘zgarishsiz qoldi. Portugaliya 1767,85 ochko bilan 5-pog‘onada joylashgan bo‘lsa, Kolumbiya (1698,35) 13-o‘rinda qayd etilgan. Kongo Demokratik Respublikasi esa 1474,43 ochko bilan 46-o‘rinni egallab turibdi.
Ma’lumot uchun, hozirda FIFA reytingida Argentina yetakchilik qilmoqda. Amaldagi Jahon chempionlari hisobida 1877,27 ochko mavjud. Amaldagi Yevropa chempioni Ispaniya 1874,71 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda, kuchli uchlikni esa Fransiya (1870,70 ochko) yakunlab bergan.













