Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente chap oyoq son mushagidan jarohat olgan holda milliy jamoa yig‘iniga qo‘shilgan hujumchi Lamin Yamalning JCH–2026 guruh bosqichidagi dastlabki uchrashuvlarda qancha vaqt maydonga tushishi bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda Sport.es nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, 18 yoshli futbolchi Kabo-Verdega qarshi bahsda 15–20 daqiqa maydonga tushadi. Bu orqali Yamalning o‘yin amaliyoti va raqobat muhitiga qayta moslashishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 21 iyun kuni Saudiya Arabistoniga qarshi bo‘lib o‘tadigan 2-tur uchrashuvida unga taxminan 30 daqiqa o‘yin vaqti berilishi rejalashtirilmoqda.
Nashrning yozishicha, 27 iyun kuni Urugvayga qarshi o‘tadigan 3-tur bahsida Yamal hatto asosiy tarkibda maydonga tushishi ham mumkin.
Avvalroq, 11 iyun, payshanba kuni Lamin Yamal Ispaniya terma jamoasining umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytgani haqida xabarlar tarqalgan edi.













