Fransiyaning «Oser» klubi Uill Stillning asosiy jamoa bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanganini rasman e’lon qildi.
33 yoshli britaniyalik mutaxassis klub bilan «2+1» ko‘rinishida (yana bir yilga uzaytirish imkoniyati bilan ikki mavsumlik) shartnoma imzoladi. U yozgi tayyorgarlik boshlanishidan avval jamoa bilan ishga kirishadi.
Still o‘zining murabbiylik faoliyati davomida Belgiyada turli lavozimlarda ishlagan. Keyinchalik Fransiyaning «Reyms» klubida yordamchi murabbiy bo‘lib faoliyat yuritdi va ko‘p o‘tmay bosh murabbiy etib tayinlandi. O‘shanda u 30 yoshida Yevropaning top-5 chempionatlari tarixidagi eng yosh bosh murabbiyga aylangan edi.
«Reyms»da Uill Still yuqori pressing va hujumkor futbolga asoslangan agressiv o‘yin uslubi bilan tanildi. Uning qo‘l ostida jamoa mag‘lubiyatsiz 19 ta o‘yindan iborat seriya qayd etdi, shuningdek, turli mavsumlarda Fransiya chempionatida 9 va 11-o‘rinlarni egalladi. Keyinchalik u «Lans»da barqaror natijalar ko‘rsatdi, undan so‘ng esa faoliyatini Angliyaning «Sauthempton» klubida davom ettirdi.
Ma’lumot uchun, yakunlangan mavsumda «Oser» klubi Fransiya chempionati turnir jadvalida 15-o‘rinni egallagan.













