«Yuventus» Paulo Dibalaning Turinga qaytishini muhokama qilish uchun uning agenti bilan bog‘landi, vaholanki futbolchining «Roma» bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralari davom etmoqda. Dibala 2022 yilning yozida erkin agent sifatida «Roma»ga o‘tishdan oldin «byankoneri» tarkibida yetti mavsum o‘tkazgan edi.
Hujumchining «Roma» bilan amaldagi shartnomasi shu oy oxirida yakuniga yetadi, ammo «jallorossi» 32 yoshli futbolchi bilan shartnomani uzaytirishni anchadan beri muhokama qilmoqda. Shartnomaga ko‘ra, u maoshining kamayishiga rozi bo‘lishi kerak. Hozirda u 7 mln yevro olmoqda. Bundan oldin argentinalik futbolchi 2,5 mln yevro hamda o‘tkazilgan o‘yinlar soniga bog‘liq bo‘lgan bonuslardan iborat summaga rozilik bergani xabar qilingandi.
La Gazzetta dello Sport nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, «Roma» ayni damda Dibalaga yiliga 2,5 mln yevro maosh taklif qilmoqda, futbolchining o‘zi va uning atrofidagilar esa yiliga 3 mln yevro plyus bonuslar talab qilishyapti. Shartnomani yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyati bilan bir yilga tuzish muhokama qilinmoqda.













