Myunxenning «Bavariya» klubi hujumchisi Xarri Keyn ayni paytda klub bilan amaldagi mehnat shartnomasini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormayapti. Bu haqda jurnalist Florian Plettenberg ma’lum qildi.
Biroq manbaning xabariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida hamkorlikni 2029 yilga qadar uzaytirish bo‘yicha dastlabki aloqalar o‘rnatilib ulgurgan. Asosiy va jiddiy muzokaralar yaqin vaqt ichida boshlanishi kutilmoqda.
Shuningdek, Keyn boshqa hech qaysi klub bilan muzokara o‘tkazmayotgani va faqat «Bavariya»da qolish niyatida ekanligi qat’iy ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, Keyn «Bavariya» safiga 2023 yilda kelib qo‘shilgan edi. Yakunlangan mavsumda hujumchi barcha turnirlarni inobatga olgan holda, 51 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 61 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari, angliyalik futbolchi o‘z hisobiga 7 ta golli uzatmani ham yozdirib qo‘ygan.













