Kabo-Verde terma jamoasi golkiperi Vozinyaning onasi nihoyat AQSHga yetib kelishga muvaffaq bo‘ldi va Jahon chempionati doirasida Urugvayga qarshi bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak uchrashuvda milliy jamoani bevosita stadiondan turib qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan oldinroq, ushbu ayol Amerika vizasini olishda qiyinchiliklarga duch kelgani va shu sababli o‘g‘lining Jahon chempionatidagi debyut o‘yiniga kela olmagani haqida xabar berilgan edi. Biroq endilikda barcha muammolar hal etildi va u jamoaning navbatdagi bahsi bo‘lib o‘tadigan Mayami shahriga yetib keldi. Bu haqda Globo nashri xabar tarqatdi.
Eslatib o‘tamiz, 1-turda Kabo-Verde terma jamoasi kuchli Ispaniya bilan 0:0 hisobida durang o‘ynab, katta sensasiya qayd etgandi. O‘sha uchrashuvda Vozinya 7 ta dahshatli seyv ijro etib, o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan va bahsning bosh qahramoniga aylangan edi. Ushbu o‘yindan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda tajribali darvozabonga obuna bo‘lganlar soni birdaniga 14 milliondan oshib ketdi.
Kabo-Verde va Urugvay o‘rtasidagi bahs Toshkent vaqti bilan 22 iyun kuni soat 01:00 da boshlanadi.















