«Liverpul» bosh murabbiyi Andoni Iraola mavsum oldi tayyorgarlik jarayonini to‘liq tarkib bilan boshlay olmasligi tayin. Bunga bir qator futbolchilarning AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan jahon chempionatida ishtirok etayotgani sabab bo‘lmoqda.
Musobaqa startida «qizillar»dan 8 nafar futbolchi o‘z milliy jamoalariga chaqirilgan edi. Keyinchalik Vataru Endo jarohat tufayli Yaponiya terma jamoasi safini tark etdi, biroq shunga qaramay, klubning JCH-2026dagi vakillari soni kamaymadi: «Osasuna»dan Viktor Munyosning transfer qilinishi hisobiga bu ko‘rsatkich yana 8 taga yetdi.
Hozirgi holatga ko‘ra, «Liverpul»ning barcha 8 nafar futbolchisi o‘z terma jamoalari bilan pley-off bosqichiga yo‘l olish ehtimoli juda yuqori. Bu esa ularning ta’tildan so‘ng klub ixtiyoriga qaytish muddatini yanada kechiktiradi.
Rejaga ko‘ra, Iraola jamoani 13 iyul atrofida yig‘ishni maqsad qilgan. Agar «Liverpul» futbolchilari to‘p surayotgan terma jamoalarning aksariyati mundialda uzoqroqqa boradigan bo‘lsa, yangi murabbiy faqat avgust oyi boshiga kelibgina, ya’ni dastlabki yig‘in yakunlangach, asosiy tarkib bilan to‘liq ish boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.













