AQSHning Foksboro shahridagi (Massachusets shtati) «Jilett» stadionida Jahon chempionatining «I» guruhi so‘nggi turidan o‘rin olgan Fransiya va Norvegiya terma jamoalari o‘rtasidagi markaziy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bahs fransuzlarning 4:1 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuv taqdiri amalda birinchi bo‘limning o‘zidayoq hal bo‘ldi. Fransiya terma jamoasi vingeri Usmon Dembele dastlabki 45 daqiqalikda raqib darvozasini uch bor ishg‘ol qilib, xet-trik qayd etdi. Ikkinchi bo‘limda esa Dezire Due hisobni yanada yiriklashtirdi. Fransiyaning eng xavfli futbolchisi Kilian Mbappe esa ushbu gollarning ikkitasiga hammualliflik qildi.
Norvegiyaliklarning yagona javob goliga Telo Osgor mualliflik qildi. Ikkinchi bo‘limda Skandinaviyaliklar hujumchisi Yorgen Larsen penaltidan unumli foydalana olmadi.
E’tiborli jihati, Norvegiya terma jamoasi bosh murabbiyi jamoaning asosiy yulduzlari — hujumchi Erling Xoland va yarim himoyachi Martin Edegorni butun o‘yin davomida zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi.
Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham onasining vafoti sababli ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi va jamoani maydonga yordamchi murabbiylar boshlab tushdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Fransiya 9 ochko jamg‘argan holda «I» guruhida yaqqol peshqadam sifatida birinchi o‘rinni egalladi. Navbatdagi bosqichda fransuzlarga kim raqiblik qilishi bir ozdan so‘ng aniq bo‘ladi.
Norvegiya mag‘lubiyatga qaramay, 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi va pley-offning 1/16 finalida Kot-d'Ivuar terma jamoasiga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldi.
Senegal 3 ochko bilan uchinchi o‘rinni band etdi. Biror ochko ololmagan Iroq esa musobaqani tark etdi.













