«Manchester Yunayted» va Urugvay terma jamoasi yarim himoyachisi Manuel Ugarte Jahon chempionati guruh bosqichining so‘nggi turidan o‘rin olgan Ispaniyaga qarshi o‘yinda (0:1) tizzasidan jiddiy jarohat oldi. The Sun nashrining qayd etishicha, bu vaziyat ingliz klubining yozgi transfer kampaniyasini sezilarli darajada qiyinlashtirishi mumkin.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «Manchester Yunayted» rahbariyati hozirda tibbiy ko‘rik natijalarini xavotir bilan kutmoqda. Agar yarim himoyachining oldingi xochsimon paylari uzilgan bo‘lsa, u uzoq muddatga safdan chiqishidan qo‘rqishmoqda.
Jarohat olguniga qadar Ugarte shu yozda jamoani tark etishga asosiy nomzodlardan biri hisoblanayotgan edi. Unga A Seriya klublari qiziqish bildirayotgani va «Yunayted» rahbariyati uni sotishdan tushgan mablag‘ni yarim himoya chizig‘ini yanada kuchaytirishga yo‘naltirishni rejalashtirgani xabar qilingandi.
Mankunianliklar allaqachon «Atalanta» yarim himoyachisi Edersonning transferi bo‘yicha kelishuvga erishgan va «Vest Xem» xavbeki Mateus Fernandesh transferi ustida ishlashda davom etmoqda. Ugartening sotilishi esa yana bir yangi xaridni moliyalashtirishga yordam berishi kerak edi.
«Yunayted» uchun qo‘shimcha muammo urugvaylik futbolchining yuqori maoshi bo‘lishi mumkin. APLning moliyaviy barqarorlik qoidalari doirasida zarar ko‘rmaslik uchun klub ushbu o‘yinchining sotuvidan kamida 29,4 million yevro ishlab olishi zarur.













