Termiz shahrida joylashgan «Surxon Arena» stadioni maysasi hamda unga tutash hududda barpo etilgan qo‘shimcha maydon maysasi sifati yaqin vaqtgacha respublikadagi eng yaxshilaridan biri edi. Afsuski, bugungi kunga kelib har ikki maydonning holati achinarli ahvolga tushib qolgan.
Shundan kelib chiqib, «Surxon» futbol klubi 30 iyun kuni Ligaga rasmiy xat yo‘llab, yaqin orada Superliga va O‘zbekiston kubogi doirasidagi o‘z uy uchrashuvlarini Termiz shahrida o‘tkaza olmasligini ma’lum qildi. Bunga sabab sifatida esa iqlimning keskin isib ketgani ko‘rsatilgan.
«Surxon» klubi 6 may kuni ham Ligaga shunga o‘xshash murojaat yo‘llagan bo‘lib, unda «Surxon Arena» maysasi kundan-kunga yomonlashayotgani, shu sababli O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi doirasidagi «Paxtakor»ga qarshi uchrashuvni «Paxtakor» stadionida o‘tkazish masalasida amaliy yordam so‘ralgan edi. 18 may kuni esa «Surxon Arena» ta’mirlash ishlari uchun yopilayotgani ma’lum qilingan.
Mavjud vaziyatni o‘rganib chiqqan Liga 9 iyun kuni «Surxon» klubi hamda Surxondaryo viloyati hokimligiga rasmiy murojaat yo‘llagan. Unda O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi uchrashuvini «Paxtakor» stadionida o‘tkazishga nima sababdan ruxsat berilgani, klub bu borada surxondaryolik futbol muxlislari oldida mas’uliyatni his qilishi lozimligi qayd etilgan. Shuningdek, tanaffusdan keyin — 23 iyul kuni «Dinamo» klubi «Surxon» mehmoni bo‘lishi, agar shu vaqtga qadar «Surxon Arena» maysasini talab darajasiga keltirish imkoni bo‘lmasa, klub o‘z uy uchrashuvlarini surxondaryolik muxlislar uchun nisbatan qulayroq hududda o‘tkazishi lozimligi ta’kidlangan.
Ma’lumki, «Surxon» klubi mashg‘ulotlarni Toshkent shahrida o‘tkazadi va uning ma’muriy boshqaruvi ham poytaxtdan amalga oshiriladi. Delegasiya faqat rasmiy uchrashuvlar uchun Termizga tashrif buyuradi. O‘tgan davr mobaynida klub rahbariyati stadionlarni parvarishlash, rasmiy o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish va boshqa masalalarda namuna ko‘rsatib kelgan. Biroq 2026 yilga kelib, klubdagi moliyaviy muammolar fonida Superliga uchrashuvlarini qabul qila oladigan viloyatdagi yagona stadion, afsuski, deyarli yo‘qotildi. Ayni paytda ushbu stadionda hatto Proliga uchrashuvlarini ham o‘tkazish imkoni mavjud emas.
Mavjud holatni iqlim bilan izohlash esa Ligada shubha uyg‘otmoqda. Zero, 2025 yil iyun oyi O‘zbekistonda kuzatuvlar boshlanganidan buyon eng issiq va quruq besh oylikdan biri bo‘lganiga qaramay, o‘sha vaqtda klub tomonidan ko‘rsatilgan yetarli e’tibor tufayli «Surxon Arena» maysasi o‘z sifatini yo‘qotmagan edi.
Mamlakatimizda Superliga uchrashuvlarini qabul qilish imkoniyatiga ega stadionlar soni ma’lum muddat davomida bittaga kamayib borayotganini afsus bilan ma’lum qilamiz. Liga surxondaryolik futbol muxlislari uzoq vaqt davomida Superliga bahralaridan mahrum bo‘lganini, keyinchalik esa «Surxon» klubi bosh homiysi ko‘magida nafaqat klubdagi yirik muammolar hal etilgani, balki «Surxon Arena» ham qayta ta’mirlanganini e’tirof etadi. Shu bilan birga, Liga «Surxon» klubi rahbariyati va Surxondaryo viloyati hokimligini o‘zaro hamkorlikda viloyatga katta futbolni imkoni boricha tezroq qaytarish yo‘lida ish olib borishga chaqiradi.













